Bank ilovalaridagi P2P oʻtkazmalari va biometrik identifikatsiya tartibi yangilandi
Yangi qoidalar tasdiqlanmasdan amalga oshirilgan firibgarlik oʻtkazmalari uchun bank yoki toʻlov tashkilotiga javobgarlik yuklaydi hamda veb-saytlar orqali P2P oʻtkazmalarini taqiqlaydi

Hujjat bank ilovalarida oʻtkazmalarni amalga oshirish va mijozlarni identifikatsiya qilish boʻyicha yangi talablarni belgilaydi. Agar firibgarlik yoʻli bilan amalga oshirilgan oʻtkazma tasdiqlanmasdan oʻtib ketsa, buning uchun bank yoki toʻlov tashkiloti javobgar boʻladi. Veb-saytlar orqali P2P oʻtkazmalari taqiqlanadi.
Telefon raqami yaqin qarindoshi nomiga rasmiylashtirilgan fuqarolar ham ilovada roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Buning uchun qarindoshlik munosabatini tasdiqlash talab etiladi. Roʻyxatdan oʻtishda, parolni tiklashda va akkauntga boshqa qurilmadan kirishda biometrik identifikatsiya majburiy hisoblanadi.
Bank kartasini ilovaga qoʻshishda biometrik identifikatsiya talab qilinmaydi: operatsiyani bir martalik OTP-kod orqali tasdiqlash mumkin. Foydalanuvchi parolni tiklasa yoki boshqa qurilmadan kirsa, ilovaga bogʻlangan kartalar oʻchirilmaydi. Ular vaqtincha nofaol maqomga oʻtkaziladi va kod bilan tasdiqlangandan keyin yana faol holatga qaytariladi.
Qurilmada zararli dastur yoki masofadan boshqarish vositasi aniqlansa, bank mijozni nafaqat SMS, balki push-bildirishnoma orqali ham xabardor qilishi kerak.



