Yangi alifboga oʻtish bilan banknota va tangalar almashtirilmaydi — Markaziy bank
Markaziy bank alifbo islohotidan keyin amaldagi banknota va tangalar qonuniy toʻlov vositasi maqomini saqlashini bildirdi. Yangi pullar chiqarilganda ular amaldagi pullar bilan birga muomalada boʻladi.

Regulyator yangilangan oʻzbek alifbosiga oʻtilishi sabab pul belgilarini almashtirish kerakligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Muomaladagi barcha pullar oʻz qiymatini saqlaydi: ular bilan doʻkonlar va bozorlarda hisob-kitob qilish, shuningdek boshqa toʻlovlarni amalga oshirish mumkin boʻladi.
Naqd pullar muomalasini tashkil etish boʻyicha yoʻriqnoma 17 noyabrda Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan va 19 fevralda kuchga kiradi. Hujjat yangilangan alifbodan foydalanilgan yangi banknota va tangalarni chiqarishga ruxsat beradi, biroq bu sana amaldagi pullarni almashtirish muddati emas. Yangi pul belgilari chiqarilsa, ular hozirgi pullar bilan teng ravishda muomalaga kiritiladi. Regulyator chiqarilish haqida kamida bir hafta oldin eʼlon qiladi.



