Anthropic IPOsi Amazon va Google ulushlarini yuzlab milliard dollarga baholadi
Anthropic kompaniyasining birjaga chiqishi uning asoschilari va investorlariga tegishli paketlarning baholangan qiymatini keskin oshirdi. Business Insider joylashtirish narxi asosida hisoblaganiga koʻra, Amazon ulushining qiymati qariyb $225 mlrd, Google ulushiniki taxminan $200 mlrd, yetti nafar hammuassisning har biriga tegishli paket qiymati esa qariyb $20 mlrdni tashkil etadi.

Anthropic aksiyalarni dastlabki ommaviy joylashtirish narxini $83 etib belgiladi. Bu dastlabki $70–78 diapazonining yuqori chegarasidan ham oshdi. Shu narxda Claude ishlab chiquvchisining aksiyadorlik kapitali taxminan $1,5 trln deb baholandi.
19 noyabr kuni Nasdaqdagi savdolar bir aksiya uchun $111,50 narxdan boshlandi va $97,17 darajasida yakunlandi — bu IPO narxidan taxminan 17 foiz yuqori. Biroq Business Insider keltirgan eng yirik aksiyadorlar paketlari qiymati aynan $83 lik joylashtirish narxi asosida hisoblangan.
Eng katta naf koʻrganlardan biri Amazon boʻldi. Kompaniya Anthropicʼga 2023 yilda sarmoya kirita boshlagan va unga hisoblash quvvatlarini taqdim etadi. Nashr keltirgan hujjatlarga koʻra, Amazon aksiyalarning qariyb 15 foiziga egalik qiladi — bu paketning qiymati taxminan $225 mlrd.
Amazon sarmoyalarining katta qismini konvertatsiya qilinadigan qarz instrumentlari orqali rasmiylashtirgan. Ularni aksiyalarga aylantirish Amazon ulushini 23,8 foizgacha oshirishi mumkin edi, biroq kompaniya egalik ulushining amaldagi cheklovini saqlab qoldi. Shu sababli bu ehtimoliy koʻrsatkichni uning haqiqiy ulushi deb hisoblab boʻlmaydi.
Google Anthropic aksiyalarining qariyb 13,7 foiziga egalik qiladi. Business Insider IPO narxi asosida bu paketni taxminan $200 mlrd deb baholaydi. Kompaniya IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirishda ham ishtirok etadi.
Anthropic kompaniyasining yetti nafar hammuassisi joylashtirish jarayonida aksiyalarining bir qismini sotganidan keyin jami qariyb 1,67 mlrd dona aksiyani saqlab qoldi. Ular Dario Amodei, Daniele Amodei, Tom Braun, Sem MakKendlish, Kristofer Olah, Jared Kaplan va Jek Klarkdan iborat. Nashr bahosiga koʻra, har birining paket qiymati taxminan $20 mlrd.
Bu boylikning asosiy qismi aksiyalarda qolmoqda. Qimmatli qogʻozlarni sotishga vaqtinchalik cheklovlar qoʻyilgan, shuningdek, asoschilarning har biri avvalroq Anthropicʼdagi oʻz ulushining 80 foizini xayriya ishlariga yoʻnaltirish majburiyatini olgan.
Vençur investorlari orasida Business Insider Lightspeed Venture Partnersʼni alohida qayd etadi. Nashr manbasiga koʻra, fond qariyb $3,5 mlrd sarmoya kiritgan va kompaniyaning 2 foizidan sal kamrogʻiga egalik qiladi. Joylashtirish narxida uning paketi qariyb $30 mlrd deb baholanadi.
Business Insider suhbatdoshlarining maʼlumotlariga koʻra, Menlo Ventures $1,3 mlrddan ortiq sarmoya kiritib, aksiyalarning 1,5 foizidan 2 foizigacha boʻlgan ulushini olgan. Shunga yaqin ulush $6 mlrd atrofida sarmoya kiritgan Iconiqʼga tegishli. Singapur davlat investitsiya fondi GIC taxminan $4,5 mlrd sarmoya kiritgan; qariyb 1 foiz hajmdagi uning paket qiymati taxminan $15 mlrd deb baholanadi.
Boshqa yirik investorlar qatorida Coatue, Sound Ventures va Bessemer tilga olingan. Bessemerʼga qariyb 70 mln dona aksiya tegishli boʻlib, ularning $83 lik narxdagi qiymati taxminan $5,8 mlrdni tashkil etadi. Gay Osiri va Eshton Kutcher asos solgan Sound Ventures paketi esa nashr tomonidan $7 mlrddan yuqori deb baholangan.
Anthropic IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirish orqali ham yangi strategik aksiyadorlarga ega boʻldi. Unda Google, Nvidia, AMD, Broadcom, Micron, Microsoft va TSMC ishtirok etmoqda. Bu kompaniyalar eʼlon qilgan sarmoyalarning jami hajmi $26 mlrdni tashkil etadi.
Keltirilgan summalar paketlarning baholangan qiymatini ifodalaydi. Ular investorlar olgan foydaga teng emas: foydani aniqlash uchun dastlabki sarmoyalar, amalda amalga oshirilgan sotuvlar, cheklovlar va kotirovkalarning keyingi oʻzgarishini hisobga olish kerak.
Yana oʻqing

FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga sunʼiy intellekt serverlari yetkazib berishni toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:49
Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Texnologiyalar26-noyabr, 17:03
