Oʻzbekistonda yangi alifboga oʻtish: kim toʻlaydi va nimalarni oʻzgartirish kerak
Qaror loyihasi yangilangan alifboga oʻtish qoidalarini taklif etadi: eski hujjatlar amal qiladi, biznes uchun oʻtish muddatlari belgilanadi.

Loyiha oʻzbek alifbosiga oʻzgartirishlar haqidagi qonun ijrosi uchun tayyorlangan. Qonun kuchga kirgach, yangi ID-kartalar, pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, texnik pasportlar va kadastr hujjatlarini yangilangan grafika asosida rasmiylashtirish rejalashtirilmoqda. Eski blankalardan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Avval berilgan hujjatlarni almashtirish shart emas. Ismning eski yoki yangi variantda yozilgani uchun fuqaroga shaxsini aniqlash, hujjatlarini qabul qilish yoki davlat xizmatini koʻrsatish rad etilmaydi. Domen nomlari, elektron manzillar, loginlar, hisob raqamlari va shartnomalarni oʻzgartirish talab qilinmaydi.
Taʼlimdagi oʻtish 2027–2031-yillarga moʻljallangan: darsliklar odatdagi qayta nashrda yangilanadi, oʻqituvchilar uchun kurs va seminarlar oʻtkaziladi. OAV, saytlar, davlat bazalari, bank va soliq tizimlari dasturiy taʼminotini moslashtirishi kerak boʻladi. Maktab oʻquvchilarining imlo boʻyicha bahosi vaqtincha yumshatiladi.
Qadoq va yorliqlar uchun oʻtish davri 2027-yil 22-apreldan boshlanadi. 2028-yil 22-apreldan yangi bosma buyurtmalar yangilangan alifboda bajarilishi shart, eski qadoqlardan esa 2029-yil 22-aprelgacha foydalanish mumkin. Qaror qabul qilingach, bir oy ichida davlat organlari va tashkilotlar oʻz oʻtish rejalarini tuzib, moliyalashtirish manbalarini koʻrsatishi kerak boʻladi.



