Fitch Namangan viloyatiga BB- kredit reytingini berdi
2025-yilda transfertlar viloyatning operatsion daromadlarining 48 foizini, soliqlar esa 47 foizini taʼminladi

Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Namangan viloyatiga xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli BB- reytinglarini berdi, prognozlar esa barqaror. Qisqa muddatli reyting — B.
Reyting viloyatning risklar profili zaifligini va moliyaviy profili aa toifasining quyi qismida ekanini aks ettiradi, deyiladi agentlik xabarida. Fitch, shuningdek, viloyatning mustaqil kredit profilini bb- darajasida belgiladi.
2025-yilda transfertlar viloyatning operatsion daromadlarining 48 foizini, soliqlar esa 47 foizini taʼminladi. Agentlik taʼkidlashicha, soliq stavkalari va tushumlarning hokimiyat darajalari oʻrtasida taqsimlanishini markaziy hukumat nazorat qiladi. Shu sababli viloyatning oʻz daromadlarini oshirish imkoniyatlari cheklangan.
2025-yil oxirida viloyatning bevosita qarzi 13 mlrd soʻmni tashkil etgan. Yana 445 mlrd soʻm viloyatdagi loyihalar uchun markaziy hukumatning xalqaro moliya tashkilotlaridan olgan qarzlari boʻyicha majburiyatlarga toʻgʻri kelgan. Fitch bu summa yaqin yillarda taxminan ikki baravar oshishini kutmoqda, biroq umumiy qarz yukini budjetga nisbatan moʻtadil deb baholamoqda.
Agentlik bazaviy ssenariyda yangi qarz olishga qoʻyilgan cheklovlar saqlanib qolishini taxmin qilmoqda. Mustaqil kredit profili yomonlashsa, reyting pasaytirilishi mumkin. U yaxshilansa va qarz yuki barqaror ravishda kamayib borsa, reyting oshirilishi mumkin.



