AQSh besh mamlakatga sunʼiy intellekt chiplarini yetkazib berish va Xitoydan kirish uchun litsenziya joriy etadi
Qoida ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand va Braziliyaga yetkazib berishga taalluqli

AQSh Savdo vazirligi vaqtinchalik yakuniy qoida chiqardi: besh mamlakatga ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini yetkazib berish va Xitoy kompaniyalarining ularga masofadan kirishi uchun litsenziya talab qilinadi.
Qoida ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand va Braziliyaga yetkazib berishga taalluqli. Shuningdek, istalgan mamlakatdagi yirik maʼlumotlar markazi operatorlari bunday chiplardan foydalanish imkonini Xitoyda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarga taqdim etsa ham, litsenziya talab qilinadi.
Ushbu chora Xitoy kompaniyalariga uchinchi mamlakatlardagi maʼlumotlar markazlari orqali AQShning hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkonini bergan boʻshliqni yopishi kerak. Hujjat Federal Register nashriga kiritilgach kuchga kiradi, xitoylik kompaniyalarga allaqachon xizmat koʻrsatayotgan maʼlumotlar markazlariga esa shu paytdan boshlab litsenziya olish uchun 90 kun beriladi.
Qoida AQSh Savdo vazirligining Sanoat va xavfsizlik byurosi tomonidan Moliya vazirligi va Milliy xavfsizlik kengashi koʻrsatmasiga binoan tayyorlangan. Istisno AQSh kompaniyalari boʻlgan yoki ularga tegishli yakuniy foydalanuvchilar uchun nazarda tutilgan, biroq masofadan kirishga doir cheklovlar saqlanib qoladi.
AQSh Kongressida eksport nazoratini kuchaytirishi mumkin boʻlgan toʻrtta qonun loyihasi ham koʻrib chiqilmoqda. Ularda masofadan kirishni litsenziyalash, chiplar uchun himoya funksiyalari, Xitoyga yetkazib berishlar haqida Kongressni xabardor qilish va mikrosxemalar ishlab chiqarish uskunalariga qoʻshimcha cheklovlar nazarda tutilgan.
Yana oʻqing

Boʻronlar va dronlar Rossiya nefti eksportini izdan chiqarmoqda
Bozorlar25-noyabr, 10:45
Korea Eximbank Oʻzbekistonda xomashyo qazib olish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni taklif qildi
Bozorlar25-noyabr, 10:41
