McKinsey: jahon savdosidagi 4 trln dollarlik zaifliklar yangi imkoniyatlar yaratmoqda
McKinsey Global instituti bahosiga koʻra, qiymati 4 trln dollardan ortiq tovarlar zaif taʼminot zanjirlariga bogʻliq

Institut jahon savdosining «Axilles tovoni» qatoriga iqtisodiyot uchun bir vaqtning oʻzida muhim boʻlgan, cheklangan miqdordagi yetkazib beruvchilarga bogʻliq yoki geosiyosiy jihatdan uzoq hamkorlardan keladigan tovarlarni kiritadi. Bular xomashyo, butlovchi qismlar va tayyor mahsulotlar — neft va noyob yer metallari, akkumulyatorlar, mikrosxemalar hamda transformatorlargacha boʻlgan mahsulotlardir.
Bunday zaif taʼminotlarning eng katta ulushi elektronikaga toʻgʻri keladi: elektronika importining 43 foizi kamida ikkita xavfga duch keladi. Bu guruhga smartfonlar, sunʼiy intellekt tizimlari uchun xotira chiplari va litiy-ion batareyalar kiradi. Noyob gazlar, kemalar dvigatellari, mis kabellari va elektr tarmoqlari uchun uskunalar ishlab chiqarishida ham jiddiy qaramliklar mavjud.
Zaiflikni nafaqat tovarlarning oʻzi, balki ularni yetkazib berish yoʻnalishlari ham yuzaga keltiradi. Dengiz savdosining qariyb 80 foizi kamida bitta tor boʻgʻin orqali oʻtadi, Suvaysh kanalining toʻsib qoʻyilishi esa avval savdo oqimlarini kuniga taxminan 10 mlrd dollarga kechiktirgan. Shu sababli kompaniyalar muqobil yetkazib beruvchilarni izlamoqda, xarid majburiyatlarini birlashtirmoqda va taʼminot zanjirlarini bir necha boʻgʻin yuqoriga qadar nazorat qilish uchun dasturiy xizmatlardan foydalanmoqda.
McKinseyning hisoblashicha, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, uskunalar, logistika, moliyalashtirish va sugʻurta atrofida imkoniyatlar paydo boʻladi. Yana bir yoʻnalish — taqchil materiallar kamroq talab qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqish. Bunda barqarorlik iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlashi kerak: Germaniya yoki AQShda ilgʻor mikrosxemalar ishlab chiqarish Tayvan yoki materik Xitoydagiga qaraganda 40–50 foiz qimmatroqqa tushadi. Shu bois biznesga allaqachon salohiyat va talab mavjud boʻlgan, shuningdek, xarajatlardagi tafovutni qisqartirish imkonini beradigan yoʻnalishlarni tanlash tavsiya etilmoqda.
Yana oʻqing

Fransiyada Rossiyaning «Google»i Irlandiyadagi Googleʼdan 1,9 mlrd yevro undirishga urinmoqda
Biznes11:07
Mikro, kichik va oʻrta biznes Oʻzbekistonda bandlikning 75 foizini taʼminlaydi
Biznes09:33
