Qozogʻiston Oʻzbekiston va Afgʻonistonga yuk joʻnatish uchun yangi talablarni joriy qildi
13 noyabrdan joʻnatuvchilar yoʻriqnoma taqdim etishi va boʻsh tarkibni qaytarish haqini toʻlashi kerak

Yangi qoidalar bekor qilinguniga qadar amal qiladi va «Sariagʻash», «Oazis» hamda «Maqtaaral» davlatlararo tutashuv punktlari orqali amalga oshiriladigan tashuvlarga tatbiq etiladi. Cheklovlar boshqa temir yoʻl maʼmuriyatlariga tegishli vagonlarga taalluqli. Istisno tariqasida mulk kodlari 27 (Qozogʻiston) va 29 (Oʻzbekiston) boʻlgan vagonlarga nisbatan bu talab qoʻllanmaydi.
Yukni boshqa temir yoʻl maʼmuriyatiga tegishli vagonda joʻnatish uchun yuk joʻnatuvchi uni yuk tushirilgandan keyin qaytarish haqidagi telegramma-yoʻriqnomani oldindan taqdim etishi kerak. Unda boʻsh tarkib borishi kerak boʻlgan manzil stansiyasi, zarur kodlari koʻrsatilgan yuk oluvchi va tashuv uchun toʻlovchi koʻrsatiladi. Shuningdek, qaytarma tashuv haqini toʻlash va qaytarish yoʻnalishini SMGS yuk xatining 3-grafiga kiritish lozim.
Yuk xatida manzil stansiyasi, temir yoʻl va yuk oluvchi, chegara oʻtish punktlari, tashuvda ishtirok etuvchi tashuvchilar hamda tashish toʻlovlarini amalga oshiruvchi toʻlovchilar koʻrsatilishi kerak. Yoʻriqnoma amaldagi konvensiyaviy cheklovlarni hisobga olgan holda tashuv hujjatlariga ilova qilinadi.
Bu hujjatlarsiz boshqa temir yoʻl maʼmuriyatiga tegishli vagondagi yuk tashuvga qabul qilinmaydi. Agar xatolar yoʻl davomida aniqlansa, joʻnatuvchi ularni SMGS qoidalarida belgilangan muddatlarda tuzatishi kerak boʻladi. Aks holda yuk joʻnatish stansiyasiga qaytariladi, qaytarish xarajatlari, vagonlarning bekor turishi va boshqa sarf-xarajatlar esa joʻnatuvchi zimmasiga yuklanadi. Oʻzgarishlar «Oʻzbekiston temir yoʻllari»ning boʻsh vagonlarni roʻyxatdan oʻtgan mamlakatlariga oʻz vaqtida qaytarish haqidagi talablarini bajarish uchun joriy etildi.
Yana oʻqing

Boʻronlar va dronlar Rossiya nefti eksportini izdan chiqarmoqda
Bozorlar25-noyabr, 10:45
Korea Eximbank Oʻzbekistonda xomashyo qazib olish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni taklif qildi
Bozorlar25-noyabr, 10:41
