SpaceX orbitadan qaytgan kemani ilk bor tutib qoldi
Kemani Texasdagi Starbase kosmodromida start minorasining mexanik qisqichlari tutib qoldi

2026-yil 14-noyabrdagi qoʻnish Starshipʼning 15-sinov parvozini yakunladi. Ship 42 parvozda 22,5 soat boʻldi, shundan soʻng atmosferaga kirib, Mechazilla minorasi qisqichlari orasiga tushdi. Bungacha SpaceX bu usulda faqat Super Heavy tezlatkichlarini qaytara olgan edi.
Missiya davomida Starship orbitaga 26 ta Starlink V3 sunʼiy yoʻldoshini olib chiqdi. Apparatlarning bir qismi kema issiqlikdan himoyalovchi qoplamasini suratga olish uchun ishlatildi. Muhandislar maʼlumotlarni tahlil qilgach, kemaning Starbaseʼga qaytishiga ruxsat berishdi. Rejada Chili qirgʻoqlari yoki Gavayi orollari yaqiniga suvga qoʻndirish boʻyicha zaxira variantlar ham bor edi.
Dastlab SpaceX raketaning ikkala bosqichini ham tutib qolishni rejalashtirgandi. Biroq Super Heavy hisoblangan holatdan chetga chiqib ketdi va bort avtomatikasi minora tomon yaqinlashishni bekor qilib, tezlatkichni Meksika qoʻltigʻi ustidagi zaxira hududga yoʻnaltirdi. Startdan taxminan 6,5 daqiqa oʻtib, parvozni favqulodda toʻxtatish tizimi ishga tushdi, shundan keyin tezlatkich suv ustida portladi. Kompaniya ogʻish sababini aniqlamoqda.
Kemani qaytarish Starshipʼning ikkala bosqichidan qayta foydalanish yoʻlidagi qadam boʻldi. Hozir SpaceX Falcon 9 uchirishlarida tezlatkichni qaytaradi, biroq yangi ikkinchi bosqich quradi. Kompaniya Super Heavy va Starshipʼni keyingi parvozlarga tez tayyorlash orbitaga yuklarni olib chiqish qiymatini kamaytirishga imkon beradi, deb hisoblaydi. Bu texnologiya NASAʼning Artemis Oy dasturida ham qoʻllanishi, uzoq istiqbolda esa Marsga parvozlar uchun ishlatilishi kerak.
Yana oʻqing

FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga sunʼiy intellekt serverlari yetkazib berishni toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:49
Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Texnologiyalar26-noyabr, 17:03
