Oʻzbekiston aholi jon boshiga YaIMni 10 ming dollarlik chegaradan oshirishni rejalashtirmoqda
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov bu maqsadga toʻrt-besh yil ichida erishish rejalashtirilganini aytdi

Bu haqda Achilov Toshkentda XVJning Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy prognozi taqdimotida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, belgilangan koʻrsatkichga erishish islohotlarni davom ettirish va rivojlanishning yangi modeliga oʻtishni talab qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda iqtisodiy oʻsishning yangi siyosatini allaqachon ishlab chiqdi. U tarkibiy oʻzgarishlar, avval boshlangan islohotlarni yakunlash hamda rivojlanish surʼatlarini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha choralarni oʻz ichiga oladi. Achilov erishilgan natijalar hozircha belgilangan maqsadni bajarish uchun yetarli emasligini taʼkidladi.
Jahon bankining Toshkentdagi katta iqtisodchisi Pinar Yashar islohotlarning keyingi bosqichida barqaror oʻsish va mehnat unumdorligini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash qiyinroq boʻlishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, dastlabki bosqichda ustuvor yoʻnalishlar valyuta kursi va narxlarni liberallashtirish, shuningdek, toʻsiqlarni bartaraf etishdan iborat boʻlgan.
XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashni barqaror rivojlanish sharti deb atadi. U keyingi bosqichning ustuvor yoʻnalishlari qatorida davlat korxonalari, mehnat bozori va taʼlim, energetika sohalaridagi islohotlar, raqamlashtirish hamda pensiya tizimidagi oʻzgarishlarni sanab oʻtdi.
XVJ davlat korxonalari islohotini ham tezlashtirish tarafdori. Jamgʻarma bahosiga koʻra, bu korxonalar unumdorlikni oshirishi va inflyatsion bosimni kuchaytirmasdan iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashi kerak. Korxonalarga davlat yordamini korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish bilan bogʻlash, xususiylashtirishni esa shaffof tarzda va xalqaro tamoyillar asosida amalga oshirish taklif qilinmoqda.



