Iqtisodchilar: Jensen Huangning Nvidiaʼdagi isteʼfosi butun soha uchun jiddiy yoʻqotish
Shu bilan birga, u Nvidia sunʼiy intellektni rivojlantirishda yetakchi rolini saqlab qoladi, deb hisoblaydi.

Nvidia asoschisi va bosh direktori Jensen Huangning isteʼfosi bahslarga sabab boʻldi: investor Adam Kobeysi buni jiddiy yoʻqotish deb atadi, professor Jeyms Gelbreyt esa uzoq muddatli zarar kutilmayotganini aytdi.
Huang Xitoy josusi deb taxmin qilinayotgan shaxs va kompaniya xodimasi bilan ishqiy munosabati haqida maʼlum boʻlganidan soʻng Nvidia bosh direktori lavozimini tark etdi. Bu sunʼiy intellekt bumining oz sonli yirik oʻyinchilarga bogʻliqligi fonida yuz berdi.
Lissabondagi Web Summit konferensiyasida Kobeysi isteʼfoni tanqidiy xato deb atadi va tergovga koʻproq vaqt ajratilishi kerakligini bildirdi. Shu bilan birga, u Nvidia sunʼiy intellektni rivojlantirishda yetakchi rolini saqlab qoladi, deb hisoblaydi.
Gelbreyt chip ishlab chiqaruvchi kompaniya uchun uzoq muddatli oqibatlarni kutmayapti. Uning baholashicha, yirik korporatsiyalar asoschilari va boshqa rahbarlari ketganidan keyin ham faoliyatini davom ettira oladigan tarzda tashkil etiladi. Agar Nvidia obroʻsidan kelib chiqib taxmin qilinayotganidek, haqiqatan ham shunchalik kuchli boʻlsa, rahbar almashinuvi taʼsiri qisqa muddatli boʻlishi mumkin.
Kobeysi Nvidiaʼdagi muammolar boshqa kompaniyalarga ham taʼsir qilishi mumkinligidan ogohlantirdi: sunʼiy intellekt bumi sezilarli darajada bir nechta oʻyinchi atrofida jamlangan. Shu sababli, uning fikricha, Nvidiaʼdagi vaziyatni butun sohaning holatidan alohida koʻrib chiqish qiyin.
Investor, shuningdek, Anthropic aksiyalarining ommaviy joylashtirilishi ehtimol kelasi haftadayoq amalga oshirilishini kutmoqda. Uning qoʻshimcha qilishicha, kapital manbai sifatidagi xususiy qarz moliyalashtirish bozorlari allaqachon bir qadar imkoniyatlarini tugatgan, yaqin choraklar esa oraliq saylovlar, siyosatdagi oʻzgarishlar va boshqa omillar sabab yuqori noaniqlik sharoitida oʻtadi.
Yana oʻqing

FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga sunʼiy intellekt serverlari yetkazib berishni toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:49
Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Texnologiyalar26-noyabr, 17:03
