YI budjetining 2028–2034-yillarga moʻljallangan loyihasida mudofaa xarajatlarini 232 foizga oshirish nazarda tutilgan
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta YI budjetining 2028–2034-yillarga moʻljallangan yangi loyihasini eʼlon qildi. Loyihada mudofaa xarajatlarini 2021–2027-yillardagi budjetga nisbatan 232 foizga oshirish taklif etilgan.

Taqdim etilgan variantda raqobatbardoshlikni moliyalashtirishni 120 foizga oshirish, YI manfaatlarini dunyoda ilgari surish xarajatlarini esa 23 foizga koʻpaytirish taklif etilgan. Migratsiyani boshqarish va chegaralarni nazorat qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarni ikki baravar oshirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, eng yirik budjet jamgʻarmasi yangi umumiy qishloq xoʻjaligi siyosati va birdamlik siyosati fondi boʻlib qolishi kerak. Turli dasturlar mablagʻlarining 35 foizi iqlim va ekologik vazifalarga yoʻnaltiriladi. Koshta loyihasi Yevropa komissiyasining dastlabki taklifidan 10 foizga kam: qisqartirish joriy narxlarda 204 mlrd yevroni tashkil etadi.
Irlandiya taklif qilgan variant bilan taqqoslaganda, loyiha yana 44 mlrd yevroga qisqartirilgan. Jumladan, mintaqaviy rivojlanish xarajatlarini 8 mlrd yevroga kamaytirish taklif etilgan. Budjet oʻz vaqtida kuchga kirishi uchun uni YI mamlakatlari 2027-yil oxirigacha bir ovozdan maʼqullashi va Yevropa parlamenti qoʻllab-quvvatlashi kerak.



