Jensen Huangning Nvidiaʼdan ketishi 500 mlrd dollarlik sunʼiy intellekt moliyalashtirishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin
Nvidiaʼning Apollo Global Management, BlackRock, Blackstone, Brookfield, Goldman Sachs va KKR bilan dastlabki kelishuvlari endi yanada sinchiklab tekshirilishi mumkin

Nvidiaʼning Apollo Global Management, BlackRock, Blackstone, Brookfield, Goldman Sachs va KKR bilan dastlabki kelishuvlari maʼlumotlar markazlarini qurish va chiplar ishlab chiqarish uchun kapital jalb etishni nazarda tutadi. 500 mlrd dollarlik loyiha maxsus moliyaviy tuzilmalardan foydalanishni koʻzda tutadi: bunda Nvidiaʼning sunʼiy intellekt chiplari koʻchmas mulk yoki pullik avtomobil yoʻllarini sekʼyuritizatsiya qilishdagi kabi taʼminot vazifasini bajaradi. Kelishuvlar hozircha yakunlanmagan.
Huangning isteʼfosi uning nikohdan tashqari ikki munosabati haqidagi maʼlumotlar oshkor qilinganidan keyin eʼlon qilindi: ulardan biri kompaniya xodimasi, ikkinchisi esa AQSh razvedkasi xitoylik josus deb hisoblagan ayol bilan boʻlgan. Nvidia doimiy vorisni eʼlon qilmadi. Bosh direktor vazifasini vaqtincha moliya direktori Kolet Kress bajaradi. Xabar tarqalgach, kompaniya aksiyalari dastlab 13 foizdan koʻproqqa arzonladi, biroq keyin pasayish qisqardi.
Raymond James kompaniyasida xususiy kapital jalb etish yoʻnalishi rahbari Sunayna Sinha Haldeyaning fikricha, rahbariyat almashishi kelishuv ishtirokchilariga ularning shartlarini qaytadan baholash uchun asos beradi. Uning hisoblashicha, kreditorlar noaniqlik uchun yuqoriroq haq talab qilishi mumkin, biroq Nvidia chiplariga boʻlgan talab va mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar tufayli moliyalashtirish, ehtimol, davom etadi.
Saxoʻning bosh investitsiya strategi Charu Chanana hamkorliklar avtomatik ravishda barbod boʻlishini kutmayapti, biroq Uoll-strit ehtiyotkorroq yondashishi mumkinligini tan oladi: majburiyatlar sekinlashishi, moliyalashtirish shartlari esa qatʼiylashishi mumkin. Uning baholashicha, bu vaziyat qarz yukining oshishi, doiraviy moliyalashtirish va investitsiyalarning noaniq daromadliligi allaqachon muhokama qilinayotgan sunʼiy intellekt sektoridagi xatarlarni qayta baholashni kuchaytirishi mumkin.



