MB kurslariUSD12 002.10+14.21EUR13 166.30+51.55RUB146.02+0.61CNY1 802.06+6.31KZT26.21+0.04GBP15 721.55+65.3727.11.2026 holatiga
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga sunʼiy intellekt serverlari yetkazib berishni toʻxtatishni buyurdi

Server ishlab chiqaruvchilari mintaqadagi toʻrt mamlakatdagi mijozlarga Nvidia buyurtmalarni joʻnatishni taqiqlaganini maʼlum qildi. Bunga AQShning yangi eksport qoidalari sabab boʻlgan.

27-noyabr, 08:49По-русски

Read in English

tomshardware.com

Yetkazib berishlar xavf ostida qoldi, Singapurdagi Aolani bulutli kompaniyasi esa 500 mln dollarlik loyihasini moliyalashtirishdan ayrilmoqda. Banklar kredit berishni toʻxtatdi, ayni paytda Nvidia mintaqaga sunʼiy intellekt uchun grafik protsessorlar yetkazib berishni davom ettira oladimi-yoʻqmi, noaniq.

Dell, Supermicro va boshqa server ishlab chiqaruvchilari Singapur, Tailand, Malayziya va Indoneziyadagi mijozlarga taqiq haqida xabar berdi. Bu koʻrsatma doimiy yoki vaqtinchalik boʻladimi — nomaʼlum.

AQShning yangi qoidalari bulutli xizmat koʻrsatuvchi provayderlarga eksport litsenziyasini olish va mijozlari orasida cheklov ostidagi tashkilotlar yoʻqligini tasdiqlash uchun 90 kun muhlat beradi. Sohadagi rahbarlardan biri Financial Times nashriga regulyator arizalarni topshirish tartibini tushuntirmaganini aytdi.

Cheklovlar xitoylik sunʼiy intellekt kompaniyalarining Xitoydan tashqarida hisoblash quvvatlarini ijaraga olish imkoniyatini yopadi. Aolani bunday quvvatlarni ByteDanceʼga yetkazib berish boʻyicha kelishuv tuzgan, biroq Xitoy kompaniyasi modellarni oʻqitish uchun Nvidia chiplaridan foydalanish imkoniga ega boʻlmasa, kelishuvdan voz kechishi mumkin.

AQSh 2022-yildan beri ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarining Xitoyga eksportini cheklab kelmoqda. 2025-yil dekabrida Nvidia u yerga H100 chiplarini yetkazib berishga ruxsat oldi, biroq xaridorlar AQSh Savdo vazirligidan litsenziya olishi kerak, har bir chip uchun esa 25 foiz miqdorida yigʻim undiriladi.