MB kurslariUSD12 002.10+14.21EUR13 166.30+51.55RUB146.02+0.61CNY1 802.06+6.31KZT26.21+0.04GBP15 721.55+65.3727.11.2026 holatiga
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda soliq tushumlarining YaIMga nisbatan kamayishi sabablari izlanmoqda

XVJ buni ehtimoliy tarkibiy muammolar bilan bogʻladi va soliq nazoratini kuchaytirishni tavsiya qildi

17-noyabr, 10:43По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda soliq tushumlarining YaIMga nisbati pasaymoqda. Bu haqda Markaziy bankda XVJning Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy prognozi taqdimotida maʼlum qilindi. XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze ushbu tendensiya sabablarini aniqlashga chaqirdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq va bojxona siyosati departamenti boʻlim boshligʻi Ulmas Juraev koʻrsatkich pasayganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, vazirlik XVJdan texnik koʻmak soʻragan va masalani jamgʻarmaning IV-modda boʻyicha missiyasi vaqtida muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, vazirlik oʻrta muddatli daromadlar strategiyasini qabul qilish zarur, deb hisoblaydi.

Vazirlik soliq maʼmuriyatchiligi strategiyasini allaqachon tasdiqlagan. Juraevning baholashicha, uni amalga oshirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga yordam beradi. Shu bilan birga, u uch yil amal qilayotgan soliq tekshiruvlariga moratoriy sabab budjetga tushmay qolishi mumkin boʻlgan daromadlardan ogohlantirdi. Vazirlik ushbu cheklovni hisobga olgan holda soliq auditini modernizatsiya qilish masalasini XVJ bilan muhokama qilmoqchi.

Gvenetadzening qayd etishicha, soliq daromadlari budjet tushumlarini qoʻllab-quvvatlayotgan oltin narxlari yuqori boʻlgan davrda pasaygan. Uning fikricha, bu islohotlar uchun ayni muddao. “Buning ortida ayrim tarkibiy muammolar boʻlishi mumkin, biroq sabab nimada ekanini tushunish zarur”, — dedi u.

XVJ, shuningdek, soliq xarajatlarini — imtiyozlar sabab budjetga tushmayotgan daromadlarni — hisobga olish zarurligini taʼkidladi. Jamgʻarma sayyor tekshiruvlarni kuchaytirish va soliq organlarining Soliq kodeksini qoʻllash boʻyicha vakolatlarini kengaytirishni, shu bilan birga soliq toʻlovchilarning huquqlariga qatʼiy rioya qilishni tavsiya qilmoqda.