Jahon banki Oʻzbekistondagi islohotlarga 800 mln dollar yoʻnaltiradi
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekiston uchun 800 mln dollarlik paketni maʼqulladi. Islohotlar 2029–2031-yillarda 275 000 ta ish oʻrniga teng bandlik yaratishi kutilmoqda.

Moliyalashtirish paketi yetti yoʻnalishdagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi: ijtimoiy sugʻurta va ayollarni himoya qilish, jumladan homiladorlik va tugʻruq boʻyicha toʻlovlar, mehnat sharoitlari va ijtimoiy ishni yaxshilash; davlat korxonalarini isloh qilish hamda xususiy biznes uchun raqobatni rivojlantirish.
Raqamli sohada shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilgan holda maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish qoidalari yangilanadi. 2028-yilgacha dastur keng polosali aloqa foydalanuvchilari sonini 500 000 kishiga, jumladan 250 000 ayolga oshirishi koʻzda tutilgan. Energetika sohasida elektr energiyasi va gaz bozorlarini tartibga solish kuchaytiriladi, xususiy investitsiyalar kengaytiriladi. 2028-yilgacha isteʼmolchilarning 15 foizi elektr energiyasini xususiy operatorlar tarmoqlari orqali olishi kerak.
Qishloq xoʻjaligini sugʻurtalashni fermerlar va chorvadorlarning 35 foizigacha kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, savdoni raqamlashtirish, «yagona darcha» tizimini rivojlantirish va chegaradagi tartib-taomillarni soddalashtirish koʻzda tutilgan. Ekologik yoʻnalish doirasida 2028-yilgacha energiya samaradorligiga 10 mln dollar xususiy investitsiya jalb etilishi hamda qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan taqsimlangan generatsiya quvvati 3000 MVtgacha oshirilishi kutilmoqda.



